Адрес:
Город Ташкент, Чиланзарский район, улица Фозилтепа, дом 38

2 xil sport turida chempion bo‘lgan O‘zbekistondagi yagona sportchimiz bilan intervyu

« Назад

2 xil sport turida chempion bo‘lgan O‘zbekistondagi yagona sportchimiz bilan intervyu 24.02.2020 11:01

- O‘zingiz haqingizda to‘xtalib o‘tsangiz…
- 2005 yil baxtsiz hodisa tufayli o‘ng qo‘limdan ayrilganman. Shundan so‘ng, sportga bo‘lgan qiziqishim tufayli 2007 yil birinchi bo‘lib, stol tennisiga borishga qaror qilganman. Keyinchalik, u ayrim sabablarga ko‘ra yopilib ketgan. Biroz tanaffusdan so‘ng, futbol bo‘yicha amputantlar terma jamoasiga qabul qilindim. Ular bilan birgalikda mashg‘ulotlarga qatnashdim va darvozabon sifatida o‘ynay boshladim. Hammasi yaxshi ketayotgandi. 1 oy o‘tgach, chap qo‘limdan jarohat oldim. Bu voqea afsuski, 2008 yilgi Pekin Olimpiadasida qatnashishimga to‘sqinlik qildi va uni televizor qarshisida Olimpiada orzusida kuzatdim.

- Keyingi faoliyatingiz qanday davom etdi?
- 2009 yil yengil atletika sport turi bilan shug‘ullana boshladim. U yerda menga murabbiy - Anna Valerevna yaqindan yordam berdi. Astoydil mehnat qildim va ko‘p yillar 800 metr va 1500 metr masofaga yugurish bo‘yicha O‘zbekiston bo‘yicha birinchilikni qo‘ldan bermadim. Bundan tashqari, Dubayda xalqaro Gran-Pri g‘olibi bo‘ldim, Yevropa ochiq chempionatida 3-o‘rinni oldim.

2012 yilda sport formam eng yuqori cho‘qqiga chiqqan davrda, mashg‘ulot paytida o‘ng yelkamni sindirib oldim. Afsuski, London Olimpiadasini ham o‘tkazib yubordim.

Oradan vaqt o‘tgach, paralimpiya murabbiyi bo‘lishimni taklif etishdi. Men hali o‘zimni kuchli his qilardim va katta sportdan ketishni xohlamasdim, Balki, shuning uchundir, bu taklifni o‘ylab o‘tirmasdan rad etdim.

- Kamondan otish sporti varianti qayerdan paydo bo‘ldi?
- Hayotdagi qiyinchiliklardan so‘ng, ruhiy tarafdan menga yordam berishi mumkin bo‘lgan sport turi sifatida aynan kamondan o‘q otishni tanladim. Internet orqali bu haqda ma’lumotlar qidira boshladim. Dunyo chempionlari bilan Facebook’da aloqaga chiqdim. Amerikalik jahon chempionigacha yozdim. U “kel, men senga yordam beraman, biroq men O‘zbekistonga borolmayman”, - deb aytdi. Moddiy qiyinchiliklar sababli bora olmasligimni bildirdim.

2018 yili internet orqali ukrainalik taniqli bir murabbiyni topdim va u bilan aloqaga chiqdim. Murabbiy meni ancha vaqt sinadi va meni ruhiy tarafdan kamonga moslashtirib bordi. 2 oydan keyin u meni Ukrainaga taklif qildi.

- Ukraina safari qanday kechdi?
- Ukrainaga bordim, murabbiy bilan yaqindan tanishdim va biz ancha suhbatlashdik. Oldinda turgan maqsadim kamon olish edi. Menda esa yetarli mablag‘ mavjud emasdi. Ukrainalik quruvchi yigitlarga alohida rahmat aytishim kerak, chunki ular menga moddiy tarafdan qo‘llaridan kelganicha ko‘mak berishdi.
Murabbiy 1 hafta ichida menga yelkamga kiyadigan moslamani yasatib berishda ham o‘z yordamini ayamadi.

- O‘zbekistonga qaytgach, darhol jiddiy mashg‘ulotlarga kirishdingizmi?
- Ha, albatta. Kamonni mahorat bilan ishlatayotganimni ko‘rgan Kamondan otish federatsiyasi raisi Otabek aka Imomov meni qo‘llab-quvvatlay boshladi. U kishidan juda minnatdorman. Otabek aka va Paralimpiya assosatsiyasi yordamida Ukarinada yig‘inda ham bo‘lib qaytdim.

2019 yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida shohsupaga ko‘tarildim. Shu orqali o‘zbek sporti tarixidan joy oldim ya’ni 2 xil sport turida chempion bo‘lgan yagona insonga aylandim.

- Tokiodagi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya yutish imkoniyati sizda bormi?
- Ha, aprel oyida Italiyada, iyun oyida esa Chexiyada musobaqalar o‘tkaziladi. Nasib qilsa, shu turnirlarda yaxshi natijalar qayd etib, litsenziyaga ega bo‘lishga harakat qilaman.

- Xobbiyingiz?
- Xobbiyim futbol o‘ynash va kompyuterda ishlash. Klaviatura bilan ko‘zim yopiq holatda ham ishlay olaman. Real voqealarga asoslangan yoki melodrama kinolarni xush ko‘raman.

- Nechta davlatlarda bo‘lgansiz?
- Daniya, Belarus, Ukraina, BAA, Polsha, Janubiy Koreya davlatlarida bo‘lganman.

- O‘q mo‘ljalga aniq yetib borishi uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
- Kamondan o‘q uzayotganda gap kuchda emas, gap ruhiyatda va to‘g‘ri nafas olishda ekanligini ko‘pchilik bilmaydi. Demak, ruhiyat va nafas olishga e’tibor berish lozim.

Bundan tashqari, kamon ob-havodan kelib chiqqan holda sozlanadi. Kamchiliklar ustida ishlash uchun o‘quv-yig‘in mashg’ulotlarida faol qatnashish kerak.

- Davlat tomonidan yoki Federatsiya tomonidan g‘alabalar paytida rag‘batlantirish qanday bo‘ladi?
- Rag‘batlantirish mana shu mashg‘ulot maydoni va Osiyo chempionatidagi ishtirokimni ta’minlashda yordam ko‘rsatish. Qolgan xarajatlar o‘zimdan.

- Hayot sinovlarida yengilmasdan, sizni oldinga undab turuvchi kuch?
- Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish orzusi - doim meni olg‘a intilishga undaydi. Qolaversa, atrofimdagi yaqin insonlar menga imkoniyati cheklangan inson sifatida qarashlarini istamayman, muvaffaqiyatlarimdan chin dildan faxrlanishlarini xohlayman va bu tuyg‘u meni har qanday to‘siqlarni yengib o‘tishga, taslim bo‘lmaslikka da’vat etadi.

Tokioda qatnashish – mening asosiy niyatim bo‘lib qolaveradi.

Sherzod Nurmatov tayyorladi.

Intervyuni uyushtirishda yordamini ayamagan Paralimpiya Assotsiatsiyasi, do'stim Ma'ruf Abdumalikov hamda ommaga taqdim etishda xizmatini ayamagan barcha sport OAVsiga o'z minnatdorchiligimni bildiraman


Вверх

photo_2020-04-30_19-51-45

Телефон: